Ishonch telefon: (75) 522–40–58
Elektron pochta: info@shdpi.uz
16°C
Shahrisabz davlat pedagogika instituti

Maqola uchun qo‘yiladigan talablar

“Kesh ziyosi” jurnaliga qabul qilinadigan maqolalar uchun qo‘yiladigan talablar

Muallif (yoki mualliflar) tomonidan taqdim etilayotgan ilmiy maqola mavzusi “Kesh ziyosi” ilmiy jurnalining “Bo‘limlar” nomli ruknida keltirilgan yo‘nalishlarning birortasiga mos kelishi shart.

 Maqolalar asosan empirik tadqiqot, keys-stadi, adabiyotlar tahlili va sharh, nazariya, amaliyot, uslubiyot, professional ilmiy taqriz va boshqa tavsifga ega bo‘lishi lozim.

 Maqola xalqaro andozalar talabi doirasidagi quyidagi aniq bandlarga ega bo‘lishi lozim:

- Maqola mavzusi (Title)

Maqola mavzusi imkon qadar qisqa va lo‘nda ko‘rinishda 3 ta tilda shakllantirilgan bo‘lib, maqolaning tadqiqot yo‘nalishini aniq ifoda etishi lozim.

- Maqola muallifi to‘g‘risida ma’lumot (Author information)

Ushbu qismda muallifning ismi-sharifi (otasining ismi bilan), ish joyi va lavozimi, ilmiy darajasi va unvoni, ORCID raqami, elektron pochta manzili va muloqot telefonlari 3 ta tilda kiritiladi (barcha ma’lumotlar qisqartmalarsiz to‘liq kiritilishi kerak).

- Maqola annotatsiyasi (Abstract)

Maqolalarning qisqacha annotatsiyasi 8-10 qatordan oshmagan holda o‘zbek, rus va ingliz tillarida beriladi. Unda tadqiqot muammosi, uning dolzarbligi, tadqiqot muammosini ochib berish uchun qo‘llanilgan metodologiya, tadqiqot natijalari, maqolaning to‘la mazmunidan kelib chiqqan holda muallifning ilmiy va amaliy hissasining qisqacha bayoni yoritiladi.

- Tayanch so‘zlar (Key words)

Tayanch so‘zlar maqola mazmuni va maqsadini eng qisqa mazmunda ochib beruvchi kalit so‘zlar hisoblanadi. scholar.google.com yoki google.com qidiruv tizimida maqola oson va eng birinchi sahifalarda topilishi uchun tayanch so‘zlarning har biri asosiy matn tarkibida o‘rtacha 5-10 marta takrorlanishi tavsiya etiladi.

- Kirish (Introduction)

Kirish qismida asosan tadqiqot muammosi, uning maqsad va vazifalari yoritiladi. Mazkur qism tadqiqot mavzusining tanlanish asosi, uning dolzarbligi va ilmiy ahamiyatini tushuntirib beradi (ushbu qismda Prezident asarlari va ma’ruzalariga albatta murojat qilinishi lozim).

- Mavzuga oid adabiyotlarning tahlili (Literature review)

Mavzuga oid adabiyotlar tahlili tadqiq etilayotgan muammo yuzasidan muallifning bilim va tasavvurlarga ega ekanini namoyon etuvchi qism hisoblanadi. Adabiyotlar tahlili mavjud intellektual hudud doirasini baholash va shu asosda ma’lum xarita yaratishni anglatadi. Adabiyotlarning tanqidiy tahlilidagi urinishlar mazkur mavzu doirasidagi bilimlarni kuchaytiradi va tadqiqot savollarini yanada oydinlashtirishga yordam beradi. O‘z mazmuniga ko‘ra har qanday tadqiqot ayni shu sohada yaratilgan avvalgi bilimlar negiziga quriladi. Adabiyotlar bo‘yicha tahlil asosan sohadagi eng yangi jurnal maqolalari va boshqa turdagi ma’lumot manbalari asosida amalga oshadi (mavzuga oid maqolalarni kalit so‘zlar yordamida www.scholar.google.com qidiruv tizimidan topish mumkin).

- Tadqiqot metodologiyasi (Research Methodology)

Tadqiqot metodologiyasi tadqiqotning eng muhim qismlaridan biri bo‘lib, u o‘tkazilayotgan tadqiqotning umumiy xaritasi, tadqiqot yo‘li va manzilga (natijaga) olib boruvchi xaritaviy chizgilari hisoblanadi. Tadqiqot metodologiyasi tadqiqot falsafasi va yo‘nalishini (deduksion yoki induksion) belgilash, tadqiqot dizayni, ya’ni tadqiqot muammosining yechimiga olib boruvchi bosh rejasini tuzish, tadqiqot uchun zarur axborotni olish yo‘llari va tadqiqot etikasini belgilash, tadqiqot obektining tanlovi (sampling), birlamchi yoki ikkilamchi ma’lumot manbalaridan foydalanish to‘g‘risidagi qarorlar, tadqiqot strategiyasini (kuzatish, eksperiment, keys-stadi, savolnoma, etnografik, arxiv tadqiqot va h.k.) aniqlash bo‘yicha ratsional qaror qabul qilish asosida qo‘yilgan muammoning aniq yechimiga olib chiquvchi yo‘lni belgilashni anglatadi. Metodologiya qismining mukammalligi tadqiqot uchun belgilangan yo‘lning ishonchliligi (reliability) va aniqliligini (validity) asoslash orqali namoyon bo‘ladi.

- Tahlil va natijalar (Analysis and results)

Tadqiqotning tahlil qismi tadqiqot metodologiyasida avvaldan belgilab olingan tahlil usullari (matematik modellar va boshqalar) orqali yig‘ilgan ma’lumotlarning tahlilini amalga oshiradi. Bunda faqatgina tahlil usulining natijalari ifoda etiladi; topilgan natijalar bo‘yicha muhokama maqolaning keyingi qismining vazifasi hisoblanadi.

- Xulosa va takliflar (Conclusion/Recommendations)

Tadqiqotning maqsad, vazifalarining anglashilganligi hamda tadqiqot savollarining o‘z javobini topganligi, tadqiqotning asosiy natijalariga va tadqiqotning umumiy jarayoniga umumiy xulosalar, shu bilan birga, takliflar va ayni tadqiqotdan kelib chiqqan holda kelajak tadqiqot ishi yo‘nalishlari maqola xulosa va takliflari qismining asosini tashkil etishi lozim.

- Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati (References)

Ushbu qismda tadqiqotda foydalanilgan barcha adabiyotlarning ro‘yxati [1], [2] yoki [3] ketma-ketligida qo‘yiladi:

mualliflar ismi-sharifi, kitob nomi, nashr manzili nashriyot nomi, yili, betlari;

mualliflar ismi-sharifi, maqola nomi, jurnal nomi, nashri, yili, soni, betlari.

Maqola matni shrifti “Times New Roman”da, 14 kegelda bo‘lib, qatorlar oraliqlari masofasi 1 intervalda bo‘lishi lozim. Maqola matni sahifasining barcha (o‘ng, chap, yuqori va quyi) tomonidan 2 santimetrdan iborat masofa qoldiriladi. Maqolaning maksimal hajmi 16 betdan oshmasligi, minimal hajmi esa 6 betdan kam bo‘lmasligi hamda foydalanilgan adabiyotlar soni kamida 10-15 manbadan iborat bo‘lishi lozim.

 Maqolada albatta jadval, chizma yoki rasmlar bo‘lishi inobatga olingan. Jadval nomlari uning yuqori qismida, chizma yoki rasm nomlari ularning quyi qismida yozilishi hamda ularning manbasi aniq ko‘rsatilishi lozim. Maqolada jadval, chizma va rasmlarning berilishi maqola sifatini oshiruvchi manba bo‘lib xizmat qiladi.

Maqolalar o‘zbek, rus, yoki  ingliz tillarida taqdim etilishi mumkin.

O‘zbek tilidagi o‘, g‘, q, h kabi harflar ilmiy maqola matnida gaplar tarkibida to‘liq yozilishi shart. Aks holda ilmiy maqola tahririyat tomonidan ko‘rib chiqilmaydi.

Maqola tegishli fan yo‘nalishi bo‘yicha fan doktorining rasmiy taqrizi bilan birga elektron (keshziyosi@gmail.com) qabul qilinadi. Shu bilan birga, tahririyat maqolani qo‘shimcha ravishda taqrizga taqdim etishi va ushbu taqriz natijalari asosida maqolani chop etish masalasi bo‘yicha tegishli qarorga kelishi mumkin.

Yuqoridagi talablarga javob bermaydigan maqolalar tahririyat tomonidan ko‘rib chiqilmaydi.

Keltirilgan talablar yakuniy emas, ba’zi maqolalar borasida tahririyat qo‘shimcha ma’lumot so‘rash huquqini saqlaydi.

“Kesh ziyosi” jurnaliga taqdim etiladigan ilmiy maqolalarga qo‘yiladigan asosiy talablar bu boradagi jahon andozalari hamda O‘zbekiston yaqindan beri amal qilayotgan PhD tadqiqotlari tizimidagi andozalardan kelib chiqadi.

Jurnalga taqdim etiladigan ishlar mazmun jihatidan oliy ta’lim sohasida foliyat yurituvchi xodim va tadqiqotchilar uchun foydali va, albatta, qiziqarli bo‘lishiga e’tibor qaratiladi.

lmiy jurnalda chop etish uchun taqdim qilingan ilmiy maqolalar jurnal tahririyati tomonidan yo‘nalishlar kesimida mas’ul soha mutaxassislariga ekspertiza uchun beriladi. Ijobiy taqriz berilgan ilmiy maqolalar tahririyatga kelib tushish tartibi bo‘yicha ilmiy jurnal sonlarida ketma-ketlikda chop etilib boriladi. Har bir son juft oyning oxirgi haftasida jurnal saytiga yuklanadi va obunachilarga taqdim etiladi.

Taqrizda jiddiy kamchiliklar ko‘rsatilgan ilmiy maqolalar ularning mualliflariga qaytadan ko‘rib chiqish uchun qaytarib beriladi. Jurnal ilmiy yo‘nalishlariga mos kelmaydigan ilmiy maqolalar chop etilmaydi va muallifga qaytarib berilmaydi.

Ilmiy maqolalar mualliflarining huquqlari O‘zbekiston Respublikasining 2006-yil 20-iyulda  qabul qilingan “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi Qonun asosida himoyalanadi.

 

Foydali sahifalar